Muallif - Sardorxon Jahongir
Sardorxon Jahongir 1977 yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom institutini va Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universitetini tamomlab, islomshunos va filolog mutaxassisligi bo'yicha bakalavr darajasini olgan.
U ilmiy faoliyatini O'zbekiston Milliy universitetida arab tilidan dars berish bilan boshlagan. Shuningdek, Misr Arab respublikasi elchixonasi qoshidagi fan va ta'lim markazining o'quv bo'limida ham faoliyat olib borgan.
Sardorxon Jahongir nufuzli nashriyotlarda rahbar va muharrir lavozimlarida ishlab, mamlakatimizdagi ko'plab ilmiy-ma'rifiy kitoblarni nashr etilishida faol ishtirok etgan. Ilmiy salohiyatini yanada mustahkamlash maqsadida Saudiya Arabistoni, Misr, Eron kabi bir qator mamlakatlarda malaka oshirgan.
So'nggi o'n yilda Turkiya respublikasida faoliyat yuritib, Kavkaz davlat universitetining dinshunoslik fakultetida "Tafsirshunoslik" yo'nalishi bo'yicha magistr darajasini olgan va nomzodlik dissertatsiyasini arab va turk tilida muvaffaqiyatli himoya qilgan.
U xorijda tashkil etilgan "Turkiston sayyidlari va eshonlari" xalqaro tashkilotining asoschisi va raisi hisoblanadi. Mazkur tashkilot bugungi kunda dunyoning yigirmadan ortiq shajarashunoslik jamiyatlari bilan hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'ygan.
Islomshunos, tilshunos, pedagog va shajarashunos olim Sardorxon Jahongir bir qator xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar tashabbuskori va ishtirokchisi sifatida tanilgan.
Uning muallifligida chet ellarda turli ilmiy maqolalar va kitoblar nashr etilgan. Jumladan, mamlakatimizda ilk bor uning tarjimasi ostida chop etilgan "Qur'oni Karim ma'nolarining so'zma-so'z tarjimasi", "Nurul Qur'on" hamda "Zıyo-ul Qur'on" nomli kitoblari islomshunoslik sohasidagi fundamental asarlardan biri sifatida baholanib, qisqa fursatda ilm ahli orasida katta e'tirofga sazovor bo'ldi.
Ushbu yutuqlari uchun Sardorxon Jahongir 2025 yilda Turon fanlar akademiyasining akademigi unvoniga ega bo'ldi.
Islomshunoslik fanlari bo'yicha (PhD) doktori Sardorxon Jahongir tilshunos olim sifatida arab, fors, turk, ingliz, rus, nemis va qisman ibroniy tillarini o'zlashtirgan bo'lib, ushbu tillarning aksariyatidan milliy va xalqaro sertifikatlarga egadir.
Ayni paytda O'zbekiston Islom sivilizasiyasi markazining mustaqil tadqiqotchisi hamda respublikamizdagi "Turon" o'quv markazi tarmoqlarining ta'sischisi va rahbari sifatida faoliyat olib bormoqda. Shu bilan birga, mazkur o'quv markazida tinglovchilarga xorijiy tillardan dars berib kelmoqda.